Los-Anjeles
Los Angeles (Los Anjeles) (inglizcha: Los Angeles, ispancha: Los Ángeles, shuningdek, L. A. va City of Angels — Farishtalar shahri nomlari bilan mashhur) — AQSHning Kaliforniya shtatidagi eng yirik shahar. Shahar ichida yashovchi 3.9 million aholi hisobiga Los Angeles AQSHda Nyu York shahridan keyingi eng yirik shahar hisoblanadi. Shahar Janubiy Kaliforniya mintaqasining tijoriy, moliyaviy va madaniy markazidir. Los Angeles Oʻrtayer dengizi iqlimiga, etnik va madaniy jihatdan rang-barang aholiga ega va shaharni keng miqyosli metropoliya oʻrab turadi.
Los Angeles | |
|---|---|
| Shahar | |
| 34°02′0″N 118°16′0″W / 34.03333°N 118.26667°W | |
| Mamlakat | AQSh |
| Hukumat | |
| • Mer | Karen Bass D |
| Asos solingan | 4-senytabr, 1781-yil |
| Maydon | 1,299.01 km2 (501.55 kv mi) |
| Markazi balandligi | 93 m |
| Aholisi | 3,898,747 |
| Zichligi | 3,206.29 kishi/km2 |
Shaharning asosiy qismi Janubiy Kaliforniya basseynida joylashgan boʻlib, gʻarbda Tinch okeaniga tomon, Santa Monica togʻlari orqali shimolda San Fernando vodiysigacha, sharqda esa San Gabriel vodiysigacha choʻzilgan. Hududi 1,210 km2 boʻlgan shahar[1] Los Angeles okrugi markazidir va ushbu okrug 9.86 million aholisi bilan AQSHdagi eng koʻp aholi istiqomat qiluvchi okrug hisoblanadi. 2019-yilda 4.6 million sayyohlar bilan shahar tashrif buyuruvchilar soni boʻyicha AQSHda uchinchi oʻrinda turadi.
Los Angeles hududida avvaliga mahalliy Tongva qabilalari istiqomat qilgan boʻlib, keyinchalik 1542-yilda Juan Rodríguez Cabrillo hududni Ispaniya mulki deb eʼlon qilgan. 1781-yil 4-sentyabrida ispan gubernatori Felipe de Neve idorasi ostida Yaanga qishlogʻi hududida shaharga asos solingan.[2] Meksika mustaqillik urushidan soʻng, 1821-yilda shashar Meksika imperiyasining bir qismiga aylandi. 1848-yilda, Meksika-Amerika urushi yakuniga yetishi bilan Los Angeles va Kaliforniyaning boshqa qismlari Guadelupe Hidalgo shartnomasiga koʻra AQSH tomonidan xarid qilindi va Qoʻshma Shtatlarning bir qismiga aylandi. Los Angeles 1850-yil 4-aprelda, Kaliforniyaga shtat maqomi berilishidan besh oy oldin munitsipal maqomni qoʻlga kiritdi. 1980-yillarda hududda neft topilishi shaharning shiddat bilan oʻsishiga sabab boʻldi.[3] 1913-yilda shaharga Sharqiy Kaliforniyadan suv olib kelish uchun moʻljallangan Los Angeles Akveduktining qurib bitkazilishi shaharning yanada shiddat bilan oʻsishiga olib keldi.
Los Angeles iqtisodiyoti xilma-xil va ulardan eng mashhuri Hollywood kino sanoatidir. Shaharda shuningdek Amerika qitʼasidagi eng tirband konteyner portlaridan biri joylashgan.[4][5][6] 2018-yilda Los Angeles metropoliten hududining yalpi ichki mahsuloti $1.0 trillionni tashkil qilib, shahar bu koʻrsatkich boʻyicha jahonda uchinchi oʻrinni egalladi.[7] Los Angeles 1932- va 1984-yillarda Yozgi olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qildi va 2028-yilgi Oʻyinlarga ham mezbonlik qiladi. Soʻnggi yillarda, Kaliforniya shtati miqyosidagi qurgʻoqchiliklar shaharda ham, Los Angeles okrugida ham ichimlik suvi xavfsizligi bilan bogʻliq xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.[8][9]
Etimologiyasi
tahrirTarixi
tahrirYevropaliklar kelgunga qadar
tahrir
Bugungi Los Angeles basseyni va San Fernando vodiysida yashovchi mahalliy hindu qabilalari orasida Tongva qabilasi (Ispan mustamlakachiligi davridan buyon qabila bugungi kunga qadar Gabrieleño nomi bilan yuritilib kelmoqda) hukmron mavqega ega boʻlgan. Tongva qabilasining hududdagi markaziy manzilgohi tarixan Yaanga (tongva tilida: Iyáangẚ) qishlogʻi boʻlib, bu soʻz „zaharli eman manzili“ degan maʼnoni anglatadi. Aynan shu manzilda keyinchalik ispanlar Pueblo de Los Ángeles manzilgohiga asos solishadi. Iyáangẚ soʻzi shuningdek „tutun vodiysi“ sifatida ham tarjima qilinadi.[11][12][13][14][15]
Ispaniya hukmronligi ostida
tahrirIspan dengiz sayohatchisi Juan Rodríguez Cabrillo Markaziy Amerikadagi Yangi Ispaniya mustamlaka hududlaridan chiqib shimolga, Tinch okeani qirgʻoqlari boʻylab ekspeditsiyasi davrida 1542-yilda Janubiy Kaliforniya hududini Ispaniya imperiyasi mulki deb eʼlon qiladi.[16] Gaspar de Portolà va Fransiskan missioneri Juan Crespí 1769-yil 2-avgustda bugungi Los Angeles shahri hududiga qadam bosadi.[17]

1771-yilda Fransiskan friari Junípero Serra hududdagi birinchi missiya boʻlmish San Gabriel Arcángel missiyasiga asos soladi.[18] 1781-yil 4-sentyabrda „Los Pobladores“ nomi bilan atalgan 44 ispan kelgindilari hududda puebloga (shaharchaga) asos soladi va uni El Pueblo de Nuestra Señora la Reina de los Ángeles — „Bekamiz, Farishtalar Qirolichasi shaharchasi“ deb atashadi.[10] Bugungi kunda shaharda AQSHdagi eng yirik Rim-katolik arxiyepiskopligi joylashgan. Meksikadan (yoki Yangi Ispaniyadan) kelgan aholining uchdan ikki qismi metis yoki mulat, yaʼni afrikalik, hindular va yevropaliklar aralashmasidan iborat boʻlgan. Manzilgoh oʻn yillar davomida kichik rancho shaharchasi sifatida mavjud boʻldi. Biroq, 1820-yilga kelib shaharcha aholisi tahminan 650 kishiga yetadi.[19] Bugungi kunda pueblo shaharning Los Angeles Pueblo Plaza tarixiy qismi va Olvera Street qismlarida joylashgan.[20]
Meksika hukmronligi ostida
tahrir
Yangi Ispaniya 1821-yilda Ispaniya imperiyasidan mustaqillikka erishdi va pueblo endilikda yangi tashkil topgan Meksika Respublikasi tarkibiga kirdi. Meksika hukmronligi davrida gubernator Pío Pico Los Angelesni Alta California viloyatining poytaxtiga aylantiradi. Bu davrga kelib yangi tashkil etilgan respublika Los Angeles hududida yanada dunyoviylashuv qonunlarini joriy qila boshladi.1846-yilda, Meksika-Amerika urushi davrida, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari matroslari puebloni egallashdi. Bu esa 150 koʻngilli jangchilarning shaharni qamal qilishiga sabab boʻladi va bosqinchilar oxir-oqibatda taslim boʻlishga majbur boʻladi.
Meksika-Amerika urushining bir qismi boʻlmish Kaliforniya istilosidan keyin shaharda Meksika hukmronligiga ham barham beriladi. Bir necha janglar oqibatida amerikaliklar kaliforniyaliklardan nazoratni tortib oladi va toʻqnashuvlar 1847-yil 13-yanvarda Cahuenga shartnomasining imzolanishi bilan yakuniga yetadi. 1848-yilgi Guadelupe Hidalgo shartnomasiga koʻra Meksika-Amerika urushi yakunlanadi va Meksika Los Angeles hamda Alta Californianing boshqa qismlarini AQSHga berishga rozi boʻladi.
AQSH istilosidan soʻng
tahrir
1876-yilda Yangi Orleandan Los Angelesga tortilgan transkontinental Southern Pacific temir yoʻlining va 1885-yilda Santa Fe temir yoʻlining qurib bitkazilishi bilan Los Angelesga temir yoʻllar ham kirib keldi. 1892-yilda shahar va uning atroflarida neft konlari topildi va 1923-yilga kelib bu kashfiyotlar natijasida Kaliforniya AQSHdagi eng yirik neft qazib chiqaruvchi shtatga aylandi va jahonda qazib chiqariluvchi neftning toʻrtdan biri aynan shu shtatda qazib chiqarildi.
1990-yilga kelib shahar aholisi 102,000 dan oshib ketdi va bu shaharning suv taʼminotiga bosim oʻtkaza boshladi. William Mulholland nazorati ostida 1913-yilda Los Angeles akveduktining qurib bitkazilishi shaharning oʻsishda davom etishiga imkon yaratdi. Shahar xartiyasidagi Los Angeles maʼmuriyatining shahar chegaralaridan tashqariga suv sotishi, yoki shahar tashqarisini suv bilan taʼminlashini taʼqiqlovchi bandlar tufayli shahar tashqarisidagi koʻplab shaharchalar va aholi punktlari Los Angelesga qoʻshilishga intilgan. Los Angelesda AQSHdagi birinchi munitsipal zonalashtirish amaliyoti joriy qilingan. 1908-yil 14-sentyabrida Los Angeles shahar kengashi shaharga tegishli yerlarning aholi istiqomat qilishiga va sanoat ishlab chiqarishi maqsadlarida ishlatishga moʻljallangan qismlarga boʻlinishini eʼlon qildi. Yangi qarorda bir xil turdagi uchta aholi istiqomat qilishi uchun moʻljallangan zonalar tashkil etildi va ularda yerdan sanoat maqsadlarida foydalanilishi taʼqiqlandi. Sanoat maqsadlarida yerda foydalanish deganda chorvachilik fermalari, yogʻoch kesish fermalari va har qanday mashina kuchidan foydalanuvchi qurilmalar ishlatiluvchi hudud tushunilardi. Bu qonunlar qabul qilgunga qadar ham hududda sanoat ishlab chiqarish obyektlari mavjud boʻlgan. Bu qonun shahar maʼmuriyati uchun muammo hisoblanuvchi turli faoliyat turlariga qarshi oldin qabul qilingan qonunlarga qoʻshimcha boʻlib xizmat qildi. Bu faoliyat turlariga misol sifatida portlovchi moddalar omborxonalarini, gazni qayta ishlash zavodlarini, neft qazib chiqarish stansiyalarini, kushxonalarni va teri oshlash ustaxonalarini keltirish mumkin. Los Angeles shahar kengashi shuningdek shahar ichida yettita sanoat zonalarini tashkillashtirdi. Biroq, 1908-1915-yillar oraligʻida shahar kengashi ushbu uch aholi yashash zonalaridan foydalanishni tartibga soluvchi qoidalarga bir qancha istisnolar kiritdi va bunin oqibatida aholi yashash zonalarining ichida ham muayyan turdagi sanoat ishlab chiqarish obyektlari paydo boʻla boshladi. 1908-yildagi AQSHda munitsipal hududlar zonalashtirish toʻgʻrisidagi qaror va keyingi qarorlar orasida ikki tafovut mavjud. Birinchidan, 1908-yildagi zonalashtirish toʻgʻrisidagi qarorda xuddi 1916-yildagi Nyu-York zonalashtirish qonuni kabi zonalashtirish batafsil shahar xaritasi asosida amalga oshirilmadi. Ikkinchidan, Aholi istiqomat qilish zonalarida aholi istiqomat qiluvchi obyektlar tasniflanmagan; qonun kvartiralar, mehmonxonalar va yakka oila istiqomat qiluvchi obyektlarni bir xil obyektlar sifatida koʻrgan.

1910-yilda Hollywood Los Angeles shahri tarkibiga qabul qilindi. Bu davrgacha 10 kino kompaniyalari allaqachon Los Angeles shahri hududida faoliyat olib borayotgandi. 1921-yilga qadar jahon kino sanoatining 80 foizdan oshigʻi Los Angelesda toʻplangandi. Kino sanoatidan tushgan pul evaziga shahar butun mamlakatni qamrab olgan Jahon iqtisodiy inqirozidan oʻzini saqlab qolishga erishdi. 1930-yilga kelib shahar aholisi milliondan oshdi. 1932-yilda shahar Yozgi olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qildi.
Ikkinchi Jahon urushidan soʻng
tahrir
Ikkinchi jahon urushi davrida Los Angeles AQSHdagi yirik urush sanoati ishlab chiqarishi markazlaridan biri boʻlib, shaharda yirik kemasozlik va aviatsiya sanoati korxonalari joylashgan. Calship (inglizcha: California Shipbuilding Corporation) kompaniyasi Terminal orolida yuzlab Liberty va Victory kemalarini barpo etgan boʻlsa, Los Angeles hududida AQSHning eng yirik aviatsiya kompaniyalaridan oltitasining (Douglas Aircraft Company, Hughes Aircraft, Lockheed, North American Aviation, Northrop Corporation, va Vultee) shtab-kvartiralari joylashgan. Urush davomida, shaharda atigi bir yilda aka-uka Wrightlar 1903-yilda birinchi bora samolyotdan uchgandan beri ishlab chiqarilgan samolyotlardan koʻra koʻproq samolyotlar ishlab chiqarilgan. Los Angelesda sanoat ishlab chiqarishi misli koʻrilmagan darajada oʻsdi va buni AQSH Milliy mudofaa kengashidan William S. Knudsen quhyidagicha ifodalaydi: „Gʻalaba qilishimizga sabab boʻlgan narsa shuki, biz dushmanni umrida koʻrmagan va mavjud boʻlishini tasavvur ham qila olmaydigan darajada yirik boʻlgan ishlab chiqarish salohiyatimiz bilan magʻlub etdik.“
Ikkinchi jahon urushi tugashidan keyin Los Angeles oʻsishda davom etdi va San Fernando vodiysiga ham kirib bordi. 1950-1960-yillarda shtatlararo magistrallar tizimining kengayishi shahar chetida yashovchi aholi sonining oʻsishiga va shaharning qachonlardir dunyodagi eng yirik hisoblangan elektrlashtirilgan temir yoʻl qatnov tizimining barham topishiga sabab boʻldi. Ikkinchi jahon urushi, shahar chetida yashovchi aholining oʻsishi va aholi zichligi sababli hududda koʻplab koʻngilochar parklar qurildi va foaliyat yurita boshladi. Bunga misol sifatida Beverly bulvari va La Cienega koʻchasi kesishuvida joylashgan Beverly Parkni keltirish mumkin boʻlib, keyinchalik u yopildi va oʻrniga yangidan Beverly Center barpo etildi.
Shahardagi irqiy kelishmovchiliklar 1965-yilda Watts qoʻzgʻoloniga sabab boʻldi va tartibsizliklar oqibatida 34 kishi vafot etdi va 1,000 ortiq kishi jarohatlandi.

1969-yilda Los-Angelesdagi Kaliforniya universitetidan (UCLA) Menlo Parkdagi Stanford Tadqiqot Institutiga birinchi xabar joʻnatilishi bilan Kaliforniya Internet beshigiga aylandi.
1973-yilda Tom Bradley shaharning birinchi qora tanli meri sifatida saylandi va 1993-yilda nafaqaga chiqqunicha besh marotaba oʻz lavozimiga qayta saylandi. 1970-yillarda sodir boʻlgan boshqa voqealar qatoriga 1974-yilda Simbionist ozodlik armiyasining Janubiy Los Angelesdagi politsiya bilan toʻqnashuvlarini va 1977-1978-yillardagi Hillside qotillik ishini keltirish mumkin.
1984-yil boshlarida shahar aholi soni boʻyicha Chikagoni ortda qoldirdi va shu bilan AQSHdagi aholi soni boʻyicfha ikkinchi oʻrindagi shaharga aylandi.
1984-yilda shahar ikkinchi marotaba Yozgi olimpiada oʻyinlariga mezoblik qildi. 14 kommunist davlatlari tomonidan boykot qilingan boʻlsada, 1984-yilgi Olimpiada oʻyinlari moliyaviy jihatdan oldingilar bilan solishtirganda eng muvaffaqiyatlisi va moliyaviy foyda keltirish boʻyicha faqatgina ikkinchisi boʻldi; birinchi oʻrinda 1932-yilgi Yozgi olimpiada oʻyinlari boʻlib, u ham Los Angelesda oʻtkazilgan.
1992-yilda Simi Valley shahri jurisi tomonidan toʻrt Los Angeles Politsiya Departamenti (LAPD) zobitlarining Rodney Kingni doʻpposlagani videotasviri boʻyicha sud ishi oqlanganidan keyin 29-aprel kuni irqiy nizolar yana avj olib ketdi va keng miqyosli qoʻzgʻolonlarga sabab boʻldi.
1994-yilda 6.7 ballik Northridge zilzilasi shaharni larzaga solib, $12.5 milliard zarar va 72 kishining oʻlimiga sabab boʻldi. Amerika tarixidagi eng keng yoritilgan politsiya qonunbuzarligi ishlaridan biri boʻlmish Rampart mojarosi bilan asr yakunlandi.
XXI asrda
tahrir
2002-yilda shahar meri James Hahn shahar tarkibidagi birliklarning shahardan ajralib chiqishiga qarshi kampaniyani boshladi va oqibatda saylovchilar San Fernando vodiysi va Hollywoodning shahardan ajralib chiqish toʻgʻrisidagi urinishlarini chippakka chiqardi.
2022-yilda Karen Bass shaharning birinchi ayol meri sifatida saylandi va Los Angeles AQSHda ayol merga ega boʻlgan eng yirik shaharga aylandi.
Los Angeles 2028-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlariga va Paralimpiya oʻyinlariga mezbonlik qiladi va bu Los Angelesni uch marta Olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qilgan uchinchi shaharga aylantiradi.
Manbalar
tahrir- ↑ City of Los Angeles Hub City Boundary
- ↑ Estrada, William David. The Los Angeles Plaza: Sacred and Contested Space. University of Texas Press, 2009 — 15–50-bet. ISBN 978-0-292-78209-9.
- ↑ Cheryl Preston. „Subterranean L.A.: The Urban Oil Fields“ Getty: Iris Blog (2013-yil 16-iyul). 2016-yil 1-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ LaRocco, Lori Ann. „New York is now the nation’s busiest port in a historic tipping point for U.S.-bound trade“. CNBC (2022-yil 24-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ „Port of NYNJ Beats West Coast Rivals with Highest 2023 Volumes“. The Maritime Executive (2023-yil 4-aprel). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ Haun, Eric. „Port of New York and New Jersey Remains US' Top Container Port“. MarineLink (2022-yil 28-dekabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ „Table 3.1. GDP & Personal Income“. U. S. Bureau of Economic Analysis. 2018. Qaraldi: 5-sentyabr, 2023-yil
- ↑ Smith, Hayley. „Los Angeles is running out of water, and time. Are leaders willing to act?“. Los Angeles Times (2022-yil 13-oktyabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ Smith, Hayley. „California drought continues after state has its driest January and February on record“. Los Angeles Times (2022-yil 1-mart). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- 1 2 „Settlement of Los Angeles“. Los Angeles Almanac. Qaraldi: 5-sentyabr, 2023-yil.
- ↑ Bowman, Chris. „Smoke is Normal – for 1800“. The Sacramento Bee (2008-yil 8-iyul). 2008-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ Gordon J. MacDonald. „Environment: Evolution of a Concept“ (PDF). p. 2.
The Native American name for Los Angeles was Yang na, which translates into „the valley of smoke.“
- ↑ Bright, William. Fifteen Hundred California Place Names. University of California Press, 1998 — 86-bet. ISBN 978-0-520-21271-8.
- ↑ Sullivan, Ron. „Roots of native names“. San Francisco Chronicle (2002-yil 7-dekabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ Estrada, William David. The Los Angeles Plaza: Sacred and Contested Space. University of Texas Press, 2009 — 15–50-bet. ISBN 978-0-292-78209-9.
- ↑ Willard, Charles Dwight. The Herald's History of Los Angeles. Los Angeles: Kingsley-Barnes & Neuner, 1901 — 21–24-bet. ISBN 978-0-598-28043-5. Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
- ↑ "Portola Expedition 1769 Diaries (Wayback Machine saytida 2015-11-13 sanasida arxivlangan)". Pacifica Historical Society.
- ↑ Leffingwell, Randy; Worden, Alastair. California missions and presidios. Voyageur Press — 43–44-bet. ISBN 978-0-89658-492-1.
- ↑ Guinn, James Miller. Historical and biographical record of southern California: containing a history of southern California from its earliest settlement to the opening year of the twentieth century. Chapman publishers, 1902 — 63-bet.
- ↑ Estrada, William D.. Los Angeles's Olvera Street. Arcadia Publishing, 2006. ISBN 978-0-7385-3105-2.