USD: 12 021,22    EUR: 13 978,27    RUB: 169,53   
2026-yil, 22-may, 14:21   Jamiyat     Кириллчада

Farg‘onada Rossiya armiyasiga yollangan 25 yoshli yigit 3 yil axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi

Farg‘onada Rossiya armiyasiga yollangan 25 yoshli yigitga 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. U Rossiyada giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun qamalganidan keyin Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun harbiy shartnoma imzolagan. Keyinchalik harbiy gospitaldan qochib, O‘zbekistonga qaytgan.

28-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani (Farg‘ona viloyati) sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 25 yoshli Y.M.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Gazeta sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Y.M. 2023-yili mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun Rossiyaning Moskva shahriga borgan. U yerda yashab yurgan vaqtida giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan va ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jazo muddatini o‘tash davomida, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibiga yollangan va Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish maqsadida bir yillik harbiy shartnoma imzolagan. Harbiy tayyorgarlik jarayonida uning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli harbiy gospitalga yuborilgan. Keyinchalik u gospitaldan qochib ketgan va Moskvada O‘zbekiston konsullik markazi orqali “vatanga qaytish” guvohnomasini olib, 2026-yil 27-yanvar kuni “Moskva — Toshkent” aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmalari

Sudlanuvchi Y.M.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra, 2022-yili Farg‘ona davlat universitetining iqtisodiyot fakultetiga kontrakt asosida o‘qishga kirgan va bir yil tahsil olgan. Keyin oilaviy sharoiti tufayli ikki yillik akademik ta’til olib, 2023-yil avgust oyida ishlash uchun Moskva shahriga ketgan.

Y.M. sudda Moskvada restoranlarga kalyan mahsulotlari tayyorlab yetkazib berish bilan shug‘ullanganini aytgan. Shu vaqtlarda u Rossiya fuqarosi bo‘lgan Dinara ismli ayol bilan tanishib, munosabatda bo‘lganini bildirgan. Uning aytishicha, Dinara giyohvandlik vositalarini muntazam iste’mol qilgan.

2023-yil noyabr oyi oxirlarida Dinara bilan birga ijarada turgan kvartiraga qaytayotganida politsiya xodimlari ularni to‘xtatib, tekshiruv o‘tkazgan. Sudlanuvchiga ko‘ra, ayolning yonidan geroin topilgan va shundan keyin ikkalasi ham politsiya bo‘limiga olib ketilgan.

Y.M.ning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik unga giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha ayblov e’lon qilingan va Rossiya sudi tomonidan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

U jazoni o‘tash uchun Saratov viloyatidagi koloniyaga yuborilganini aytgan. Sudlanuvchiga ko‘ra, u yerda unga oyiga 210 ming rubl evaziga Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilish va Ukrainaga qarshi urushda qatnashish taklif qilingan.

“Dastavval ushbu taklifga rozi bo‘lmaganman. Biroq qamoqxonadagi qiyinchiliklar va ozodlikka chiqish rejam bo‘lgani uchun ilojsizlikdan rozi bo‘lganman”, — degan u sudda.

2025-yil 21-avgust kuni Rossiya Qurolli kuchlari bilan bir yillik harbiy shartnoma tuzgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, Donetsk shahridagi harbiy poligonlardan biriga yuborilgan va u yerda ikki haftalik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Tayyorgarlik davomida avtomatdan o‘q otish, okop qazish va hujumdan himoyalanish kabi harakatlar o‘rgatilgan. Sudlanuvchiga ko‘ra, unga oylik maosh tushiriladigan plastik karta, harbiy kiyim, himoya nimchasi va AK-74 avtomati berilgan.

Reklama joylashtirish

Keyinchalik harbiy tayyorgarlikning navbatdagi bosqichida hushini yo‘qotganini va harbiy gospitalga yotqizilganini aytgan. Uning bildirishicha, Moskvadagi harbiy gospitalda to‘rt oy davolanganidan keyin 2026-yil yanvar oyida u yerdan qochib ketgan.

Y.M. sudda O‘zbekistonning Moskvadagi konsullik markaziga borib, urushda ishtirok etish uchun yollanganini aytganini, shundan keyin unga “vatanga qaytish” guvohnomasi rasmiylashtirib berilganini ma’lum qilgan. 2026-yil 27-yanvar kuni “Moskva — Toshkent” aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

2026-yil 13-fevral kuni Farg‘ona shahar IIB xodimlari uni chaqirtirgan, u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgani va Ukrainadagi urushda qatnashish uchun yollangani haqida ma’lumot bergan.

Sudda Y.M. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan va O‘zbekistonga o‘z ixtiyori bilan qaytib kelganini inobatga olib yengillik so‘ragan.

Guvohlar ko‘rsatmalari

Sudda so‘roq qilingan guvohlar — sudlanuvchining ota-onasi M.M va S.M. ham o‘g‘lining Rossiyaga ishlash uchun ketgani va keyinchalik u yerda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun qamalganini tasdiqlagan.

Ularning aytishicha, bir muddat Y.M. bilan aloqa uzilib qolgan. 2026-yil yanvar oyida u Telegram orqali videoaloqaga chiqqan va harbiy gospitalda davolanayotganini aytgan. Y.M. ularga Rossiya Qurolli kuchlari bilan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun “noilojlikdan” harbiy shartnoma tuzganini aytgan.

Ota-onasining bildirishicha, u harbiy tayyorgarlik vaqtida hushini yo‘qotgan, shundan keyin gospitalga yotqizilgan. Sud materiallarida aytilishicha, u o‘pkasini shamollatib qo‘yganini ham ma’lum qilgan.

Sudda ota-onasi uning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, yoshligi va qilmishidan pushaymon ekanini inobatga olib yengillik berishni so‘ragan.

Hukm

Sud hukmiga ko‘ra, Y.M. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topildi.

Reklama joylashtirish

Jazo tayinlashda sud uning aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, sog‘lig‘i yomonligi va davolanishga muhtojligini yengillashtiruvchi holat sifatida baholagan. Og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagani aytilgan.

Sud jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, kelib chiqish sabablari va sudlanuvchining shaxsini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan va 154-modda sanksiyasida nazarda tutilmagan yengilroq jazo tayinlagan.

Natijada Y.M.ga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi berilgan.

Hukmga ko‘ra, jazo probatsiya organlari belgilaydigan joyda o‘taladi. Axloq tuzatish ishlari ijrosini nazorat qilish Farg‘ona shahar IIO FMB probatsiya bo‘linmasi zimmasiga yuklatilgan.


Materialga izohlar


So‘nggi yangiliklar

Qiziqarli maqolalar

Закрыть