Veksel (nemischa. Wechsel — ayirboshlash) — koʻrsatilgan muddatda muayyan miqdordagi pulni toʻlash majburiyati qayd etilgan qarzdorlik haqidagi rasmiy hujjat; qimmatli qogʻoz. U universal toʻlov, kredit va hisob vositasi boʻlib, xalqaro savdoda toʻlov majburiyati; qisqa muddatli (6 oy) tijorat-kredit vositasi; banklararo uzoq muddatli munosabatlarni shakllantiruvchi vosita; banklardan ssuda olish uchun garov (shuningdek tijorat banki markaziy bankdan ssuda olishda beradigan garov) tarzida keng qoʻllanadi. Vekselning asosan oddiy veksel (qarzdor tomonidan muayyan summani belgilangan muddatda qaytarish haqida qarz beruvchi oldidagi majburiyat); oʻtkazma veksel (qarz beruvchining qarzni vekselni taqdim etuvchiga yoki hujjatda koʻrsatilgan shaxsga toʻlash haqidagi buyrugʻi); xazina veksel (oʻz harajatlarini qoplash uchun davlat tomonidan chiqariladi); moliya veksel (bir bank boshqa bankka qarz puli olish uchun beradi); tijorat veksel (tovar egasiga garov tarzida beriladi) va boshqa turlari bor[1].

Veksel hisob vositasi va ayirboshlash hujjati sifatida yevropa mamlakatlarida 17-asrda shakllandi. 19-asrning oxiridan boshlab Turkistondagi xususiy tijorat banklari savdo-sotiqda veksel muomalasini keng yoʻlga qoʻygan. Sobiq Ittifoqda, shu jumladan, Oʻzbekistonda veksel yangi iqtisodiy siyosat davrida (davlat hamda kooperativ korxonalar oʻrtasidagi munosabatlarda) ham ishlatilgan. 1930—32 y.lardagi kredit islohotida bevosita maqsadli bank orqali kreditlashga oʻtilishi bilan mamlakat ichida veksel muomalasi tugatilgan. Boshqa koʻpgina davlatlarda veksel muomalalari 1930-yil Jenevada qabul qilingan "Veksel toʻgʻrisida"gi konvensiyaga muvofiq olib boriladi. Unda vekselning quyidagi majburiy unsurlari boʻlishi qatiy belgilangan: Veksel belgisi — "Veksel" yozuvi; Vekselda koʻrsatilgan summani soʻzsiz toʻlash majburiyati; qarz toʻlovchi va birinchi veksel egasining nomi; remitent nomi; toʻlov muddati va joyi; veksel toʻldirilgan sana va manzil; veksel beruvchining imzosi.

Vekselni amal qilish muddatini choʻzish (veksel prolongatsiyasi) qonunga muvofiq yoki trassant va trassatning oʻzaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.

OʻzRning 1993-yil 2-sentabrdagi "Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida"gi qonuniga muvofiq 1994 y.dan boshlab Oʻzbekistonda Veksellar muomalaga kiritildi. Veksellar naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishning eng qulay vositasi sifatida korxona va tashkilotlarda keng qoʻllanadi.

Eson Egamov.

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil