Talas (daryo)
Talas (qirgʻizcha: Талас, qozoqcha: Талас) — Qirgʻiziston va Qozogʻiston hududlaridan oqib oʻtuvchi daryo. U Qirgʻiz tizmasining janubiy yon bagʻrida Qoraqoʻl nomi bilan boshlanadi. Qorasoy qishlogʻi yaqinida Uchqoʻshoʻy irmogʻi qoʻshilgach, daryo Talas deb atala boshlaydi. Talas Chu daryosiga yetib bormay, Moʻyinqum choʻllari hududida mayda koʻlchalar hosil qilib tugaydi.
| Talas (daryo) | |
|---|---|
| Tavsif | |
| Uzunligi | 661 |
| Suv sarfi | 170 m³/s |
| Joylashuvi | |
| Davlat | Qirgʻiziston va Qozogʻiston |
| Talas (daryo) | |
Daryoning umumiy uzunligi 661 km, suv yigʻish havzasining maydoni esa 52 700 km² ni tashkil etadi. Asosan muz va qor suvlari hisobiga toʻyinadi. Qorasoy qishlogʻi yaqinida oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi 32 m³/sek.ni tashkil etadi.
Talas daryosining togʻli qismida, ayniqsa, tekislik qismida (Taroz shahridan quyi oqimida) suv koʻplab ariq va kanallar orqali sugʻorish maqsadlarida olib ketiladi. Daryoning eng yirik irmoqlari: Uchqoʻshoʻy, Koʻlba, Beshtosh, Urmarol, Kumushtog, Qorabura, Kengkoʻl va Nelden.
Talas boʻyida Taroz va Talas shaharlari joylashgan. Shuningdek, daryo ustida Kirov nomidagi suv ombori mavjud.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |