Shvedlar — xalq, Shvetsiyaning asosiy aholisi (8,06 mln. kishidan ortiq). Umumiy soni 9,4 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari) Shved tilida soʻzlashadi. Dindorlari — xristianlar (asosan, lyuteranlar). Shved xalqi mil. 1-ming yillikda Skandinaviyada yashagan shim. german qabilalari (svionlar, gautlar, yotlar va boshqalar) bilan birlashish natijasida, ilk oʻrta asr Shved davlatining shakllanish davrida (IX—XI asrlar) tarkib topgan. Shvedlar etnogenezida finlar va saamlar maʼlum rol oʻynagan. Shvedlar, asosan, sanoatda, qisman qishloq xoʻjaligida band.