Kapital (lotincha: capitalis — bosh, asosiy), sarmoya — keng maʼnoda — oʻz egasiga daromad keltirish xususiyatiga ega boʻlgan jami vositalar va mablagʻlar; yangi qiymat keltiruvchi, oʻzini oʻzi koʻpaytiruvchi qiymat. Tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish uchun kishilar tomonidan yaratilgan resurslar; tor maʼnoda — ishlab chiqarish vositalari koʻrinishidagi ishga qoʻyilgan, ishlab turgan daromad manbai (ashyoviy kapital). Kapitalning paydo boʻlishiga tovar ishlab chiqarish, tovar muomalasi dastlabki shart hisoblanadi. Bozorda oʻziga xos, alohida tovar — ish kuchining paydo boʻlishi bilan oddiy tovar ishlab chiqarish kapitalistik ishlab chiqarishga aylanadi, tovar ishlab chiqarishning shu davrida tovar muomalasidagi pul kapitaliga aylanadi. Kapital koʻp sikllar davomida ishlab chiqarishda ishtirok etadigan asosiy kapital va bir sikl davomida ishtirok etadigan va toʻliq sarflanadigan aylanma kapitalga boʻlinadi. Pul kapitali (sarmoya) — ashyoviy kapital sotib olish uchun sarflanadigan pul vositalarini ifoda etadi, yaʼni pul kapitalga aylanishi uchun ishlab chiqarishga avanslanadi. Iqtisodiy nazariyada kapital ishlab chiqarish omillaridan biri tarzida izohlanadi. Qiymatning koʻpayishi inson mehnati (ish kuchi) va ishlab chiqarish vositalari (xom ashyo, mashina, stanoklar) birlashganda, yaʼni ishlab chiqarish sharoitida yuz beradi. Kapital sanoat kapitali, savdo kapitali, ssuda kapitali, sudxoʻrlik kapitali (tarixiy) shakllarida faoliyat koʻrsatadi. Rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitlarida kapitalning korxona, firma, banklar kapitali, turli aksiyadorlik jamiyatlariga tegishli aksiyadorlik kapitali, zaxira kapitali, ustav kapital singari koʻrinishlari mavjud. Tadbirkor jismoniy shaxslarga tegishli kapital dastmoya deyiladi va har gal tovar olib sotishda ishlatiladi[1].